- Bosh sahifa
- Yangiliklar
21.04.2026
ADM va Taewoong logistika xabini ishga tushirmoqda: asosiy e’tibor e-commerce va mintaqaning yangi iqtisodiyotiga
ADM kompaniyalar guruhi va Janubiy Koreyaning Taewoong Logistics kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekistonda ko‘p funksiyali logistika markazlarini qurish va boshqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Imzolash marosimi Seulda har ikki kompaniya top-menejmenti va vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Taewoong Logistics – Xitoy, Janubi-Sharqiy Osiyo, Markaziy Osiyo (shu jumladan O‘zbekiston) va MDH mamlakatlarida loyihalarni amalga oshiruvchi eng yirik to‘liq siklli xalqaro logistika kompaniyasi.
Taewoong Logistics uchun ADM bilan hamkorlik, uning O‘zbekiston bozoriga kirish yo‘lida mantiqiy qadam bo‘ldi: kompaniya o‘zining mustaqil loyihasi o‘rniga barqaror mavqei va ishonchli mahalliy hamkor sifatidagi obro‘siga tayanib hamkorlik modelini tanladi.
Loyiha mavjud bo‘lgan infratuzilmani rivojlantirishni davom ettirmoqda: Taewoong Logistics Toshkentda ixtisoslashtirilgan avtomobil butlovchi qismlari markazini boshqaradi, ADM esa yiliga 100 ming donadan ortiq avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega ishlab chiqarish bazasini shakllantirmoqda.

Tashkil etilayotgan markaz nafaqat an’anaviy logistikaga, balki Markaziy Osiyoda talab ortib borayotgan e-commerce fulfillment’ga ham qaratilgan. Gap tovarlarni saqlash, qayta ishlash va taqsimlashni birlashtiruvchi yagona platformani shakllantirish haqida bormoqda.
ADM uchun bu loyiha yangi yo‘nalish – guruhning ishlab chiqarish biznesini to‘ldiruvchi ombor va logistika infratuzilmasini rivojlantirishga kirishishni anglatadi.
Kelishuv doirasida tomonlar Toshkent shahrida zamonaviy golf majmuasini qurishga ham kelishib oldilar. Loyiha xalqaro darajadagi maydonlar, golf akademiyasi va tegishli infratuzilmani o‘z ichiga oladi, bu esa golf turizmini rivojlantirish, sportni ommalashtirish va mamlakatga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi.

Mutaxassislarning fikricha, bunday loyihalar O‘zbekistonning mintaqaviy va global ta’minot zanjirlariga integratsiyalashuvining tarkibiy qismiga aylanmoqda. Ular investitsiyalar oqimi, texnologiyalarni joriy etish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.