15.04.2026

Kia’ning yangi sedani O‘zbekiston yo‘llariga chiqish uchun hozirlik ko‘rmoqda

Kia’ning yangi sedani O‘zbekiston yo‘llariga chiqish uchun hozirlik ko‘rmoqda

O‘zbekistonda tez orada Kia brendining yangi sedani ishlab chiqarilishi boshlanadi. Model aprel oyining oxiridayoq bozorga chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

Avtomobilni ishlab chiqarish ADM Jizzakh zavodida yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda u yerda yangi ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirish ishlari yakunlanmoqda. Mazkur loyiha Kia texnologik standartlariga muvofiq amalga oshirilmoqda va tarkibiy komponentlarni tayyorlashdan tortib yakuniy sifat tekshiruvlarigacha bo‘lgan to‘liq jarayonni o‘z ichiga oladi.

Yangi sedan keng doiradagi haydovchilarga mo‘ljallangan bo‘lib, kundalik foydalanish uchun puxta o‘ylangan dizayn, qulay salon va zamonaviy raqamli yechimlarni o‘zida mujassam etgan.

ADM kompaniyalar guruhi bosh direktori Daniyar Davletiyarovning so‘zlariga ko‘ra, modelning ishga tushirilishi kompaniya rivojlanishining keyingi bosqichini aks ettiradi.

Biz boshidanoq ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga moslashtirgan holda barpo etdik. Bugun biz yetkazib berish geografiyasini kengaytirmoqdamiz: yangi model uchun butlovchi qismlar nafaqat Koreyadan, balki Meksika va boshqa mamlakatlardan ham yetkazib beriladi. Mazkur loyiha ADM’ning global ishlab chiqarish jarayonlariga integratsiyalashuvidagi muhim qadam hisoblanadi”, – dedi u.

ADM Jizzakh’da ishlab chiqarishni rivojlantirish mahalliy bozor uchun yangi texnologiyalarni joriy etishdan tortib yetkazib beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirishgacha bo‘lgan qo‘shimcha imkoniyatlarni ham ochib beradi.

Modelning rasmiy nomi hozircha oshkor etilmagan. Uning O‘zbekistondagi ilk namoyishi 27-aprel kuni bo‘lib o‘tadi.

Yangilik bilan bo'lishish

Orqaga qaytish