24.11.2026

ADM Jizzakh va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi

ADM Jizzakh va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi

ADM Jizzakh va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (TDIU) o‘rtasida innovatsion-korporativ hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tuzildi. Hamkorlik qo‘shma ta’lim va ilmiy-amaliy tashabbuslarni rivojlantirish, oliy ta’lim va sanoat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.

Bitimning imzolanishi ADM Global kompaniyasining O‘zbekiston ilmiy va ta’lim hamjamiyati bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlarining davomi bo‘ldi. Bundan avval Qarshi davlat texnika universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan edi. Bugungi kunda xolding 12 ta oliy ta’lim muassasasi va beshta texnikum bilan hamkorlik qilib, muhandis va texnik kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘z tizimini shakllantirmoqda.

Ta’lim dasturlarini amalga oshirish davomida 1 mingga yaqin talaba xolding korxonalarida ishlab chiqarish amaliyotidan o‘tib, ulardan 127 nafari keyinchalik ishga joylashish uchun tanlab olindi. Yana 170 nafar talaba ADM Jizzakh zavodida nazariy ta’limni amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirgan holda dual ta’lim dasturlarida ishtirok etmoqda.

ADM Global ta’lim muassasalari bilan ham o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlarini, ham avtomobilsozlik sanoatida mehnat bozorini rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.

Qozon federal universitetining Jizzax filiali negizida ADM akademiyasi ochilib, unda avtomobilsozlik sohasida o‘n yildan ortiq tajribaga ega kompaniya mutaxassislari “Uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassis” kursini olib bormoqda.

Jizzax politexnika instituti talabalari diplom ishlarini bevosita korxonaning o‘zida, real ishlab chiqarish vazifalaridan foydalangan holda tayyorlaydilar va himoya qiladilar. Institutning 300 nafarga yaqin bitiruvchisi ADM Jizzakh’da ish bilan ta’minlangan.

Toshkent davlat transport universitetida zamonaviy avtomobillarning tuzilishi va ishlash tamoyillarini amaliy o‘rganish uchun avtomobil uzellari va agregatlari bilan jihozlangan maxsus ADM auditoriyalari mavjud.

Ilmiy-tadqiqot va muhandislik faoliyatini rivojlantirish hamkorlikning alohida yo‘nalishi hisoblanadi. “Yangi O‘zbekiston” universitetida ADM texnik laboratoriyasi mavjud bo‘lib, uning qoshida ta’lim, tadqiqot va ishlanmalarni (R&D) real ishlab chiqarish bilan birlashtirgan muhandislik ekotizimi shakllantirilmoqda. Laboratoriyaning asosiy loyihalaridan biri O‘zbekistonning birinchi milliy avtomobil brendi – DOST’ni ishlab chiqish bo‘ldi.

Muhandislik-texnik tayyorgarlikdan tashqari, ADM Global yoshlarning boshqaruv va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. 2026-yilda xolding “Yangi O‘zbekiston” universiteti bilan hamkorlikda turli mamlakatlardan 230 ta talaba jamoasini birlashtirgan “New Uzbekistan Business Case Competition” xalqaro ilmiy-amaliy tanlovini tashkil etdi. Unda ishtirokchilar real biznes vazifalari uchun strategik yechimlarni ishlab chiqdilar.

ADM Global O‘zbekistonning oliy o‘quv yurtlari va ilmiy muassasalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish istagida bo‘lib, bunda talabalarning amaliy tayyorgarligi, qo‘shma ta’lim loyihalari va ilmiy ishlanmalarga alohida e’tibor qaratadi.

Yangilik bilan bo'lishish

Orqaga qaytish