- Bosh sahifa
- Yangiliklar
03.06.2024
ADM Electrics: Oʻzbekistonning yangi avtomobil elektr jihozlar ishlab chiqaruvchisi
2024-yilning 31-may kuni Andijon viloyatining Asaka tumanida Kia, Chery, Haval, Hyundai Truck & Bus brendlarining O‘zbekistondagi rasmiy distribyutori bo‘lgan ADM Global kompaniyalar guruhiga kiruvchi ADM Electrics korxonasi o‘z faoliyatini boshladi. Bu mamlakatimiz avtomobil elektr jihozlari bozori uchun muhim voqea bo‘ldi.
Yangi loyihaning tantanali ochilish marosimida jamoatchilik vakillari va rasmiy shaxslar ishtirok etdilar. Tadbir davomida kompaniyaning salohiyati, ishlab chiqarish jarayonlari, maqsadlar va rivojlanish rejalari haqida axborot beruvchi taqdimot o‘tkazildi.
Loyihaning birinchi bosqichda 2,5 million AQSH dollari miqdoridagi sarmoyalar kiritilgan bo‘lib, ushbu mablag‘lar to‘liq o‘zlashtirildi. Ishning boshlanishidayoq 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Keyingi rejalar yanada shijoatlidir – kompaniya 2024-yilning oxiriga qadar 3 million AQSH dollargacha sarmoyalar kiritish va xodimlar sonini 400 nafardan ortiqqa oshirishni rejalashtirmoqda. 2025-yilning oxiriga kelib xodimlar soni 1200 nafar ishchiga yetkazilishi kerak.
“ADM Electrics” MChJning joylashgan umumiy yer maydoni 3,2 gektarni tashkil etib, unda umumiy maydoni 4,5 ming kvadrat metrga teng bo‘lgan ishlab chiqarish binolari joylashgan. Bu yerda avtomobillar uchun elektr jihozlari, magnitafonlar, signallar, antennalar va boshqa butlovchi qismlar ishlab chiqariladi.
Birinchi yilning o‘zidayoq 33 million AQSH dollari miqdoridagi tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, bu nafaqat mintaqaviy, balki O‘zbekistonning umummilliy iqtisodiyotini rivojlantirishga ham ulkan hissa qo‘shadi.
Avtomobil elektr jihozlari bozorida bunday yirik o‘yinchining paydo bo‘lishi – import o‘rnini bosish strategiyasini amalga oshirishdagi hamda mahalliy sanoatning raqobatbardoshligini oshirishdagi o‘ta muhim qadamdir. Yangi korxona kelajakda ichki bozor uchun ham, tashqi bozor uchun ham talab etiladigan mahsulotlarning ishonchli yetkazib beruvchisiga aylanadi.