- Bosh sahifa
- Yangiliklar
26.10.2026
ADM Jizzakh va Janubiy Koreyaning DK&G Co kompaniyasi CKD usulida gibrid va elektromobillar ishlab chiqarishini sanoat jihatidan jihozlash bo‘yicha kelishuvga erishdi
ADM Jizzakh va Janubiy Koreyaning DK&G Co muhandislik kompaniyasi gibrid va elektromobillarni CKD usulida ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi majmuani sanoat uskunalari bilan jihozlash, uskunalarni yetkazib berish va montaj qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Loyihani amalga oshirish yangi energiya manbalaridan foydalanuvchi avtomobillar (NEV) modellar turkumini kengaytirish, zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘zlashtirish va O‘zbekiston avtomobil sanoatini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish imkonini beradi.
Hozirgi vaqtda ADM Jizzakh hududida yangi ishlab chiqarish majmuasi qurilayotgan bo‘lib, u yerda Chery, HAVAL va Changan brendlariga mansub gibrid va elektr avtomobillarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ishlab chiqarish CKD (mayda uzel asosida yig‘ish) texnologiyasi asosida tashkil etilib, bu kuzovni payvandlash va bo‘yashdan tortib, yakuniy yig‘ish va tayyor avtomobil sifatini nazorat qilishgacha bo‘lgan to‘liq siklni o‘z ichiga oladi. Loyihaga umumiy investitsiyalar hajmi taxminan 100 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Yangi majmuaning asosiy xususiyatlaridan biri yagona ishlab chiqarish liniyasida turli xil brendlardagi avtomobillarni ishlab chiqarish imkoniyati hisoblanadi. Bu yechim ADM Jizzakh va DK&G Co kompaniyasi mutaxassislarining qo‘shma muhandislik ishlari natijasida amalga oshiriladi. Konveyerning universalligi ishlab chiqarish moslashuvchanligini ta’minlaydi va uni gibrid hamda elektr avtomobillarning turli modellarini chiqarishga moslashtirish imkonini beradi.
DK&G Co kompaniyasining texnologik hamkor sifatida tanlanishi ikki kompaniya o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikning davomi bo‘ldi. Janubiy Koreya kompaniyasi buyurtmachilarning individual texnik talablariga mos sanoat uskunalarini ishlab chiqish va ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega. Bundan avval DK&G Co ADM Jizzakh’da bugungi kunda ichki yonuv dvigateliga ega Kia avtomobillari ishlab chiqarilayotgan amaldagi CKD ishlab chiqarish liniyasini jihozlashda ham ishtirok etgan.
NEV yo‘nalishini rivojlantirish ADM Global kompaniyasining strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya O‘zbekiston bozoriga bir nechta yangi gibrid va elektr avtomobil modellarini olib chiqishni, shu bilan birga mahalliy ishlab chiqarish komponentlari ulushini izchil oshirib borishni rejalashtirmoqda.