- Bosh sahifa
- Yangiliklar
28.08.2025
ADM Electrics yangi ishlab chiqarish binosida avtomobil sanoati uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni boshladi

2025-yil 22-avgust kuni Andijon viloyatining Asaka tumanida joylashgan ADM Global kompaniyalar guruhiga kiruvchi “ADM Electrics” MChJning 100 ish o‘rinlik yangi ishlab chiqarish binosi rasman foydalanishga topshirildi. Ushbu obyektda avtomobil sanoatiga mo‘ljallangan zamonaviy butlovchi qismlar ishlab chiqariladi.
Tadbirda Asaka tuman hokimi N.Mo‘minov, Andijon viloyati hokimining vakili I.Umirzaqov, shuningdek ADM Global kompaniyalar guruhi bosh direktori maslahatchisi Sh.F.Yusupov ishtirok etdilar. Tashrif chog‘ida ular ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, korxona tomonidan olib borilayotgan mahalliylashtirish tashabbuslariga ijobiy baho berdilar
ADM Electrics uchun ushbu yangi bino – bu oddiygina qurilish emas, balki korxonaning texnologik salohiyati, ishlab chiqarish hajmi va sanoatdagi o‘rnini mustahkamlovchi strategik qadamlardan biridir. Korxona ADM Jizzakh avtomobil zavodida ishlab chiqarilayotgan Kia Sonet avtomobiliga butlovchi qismlar ishlab chiqarmoqda. Shu bilan birga, kompaniya hozirda avtomobil sanoatida ko‘plab loyihalarni mahalliylashtirish ustida faol ishlamoqda.
Yangi ishlab chiqarish binosining ochilishi bu jarayonlarni jadallashtirish, mahsulot sifatini yanada oshirish va mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilariga yaqinroq xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Bu esa nafaqat eksport-import muvozanatini ijobiy tomonga o‘zgartiradi, balki yurtimiz sanoat mustaqilligiga ham sezilarli hissa qo‘shadi.
Yangi ishlab chiqarish quvvati hududdagi ishsizlikni kamaytirish va yoshlar bandligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir doirasida yoshlar, ishsizlar va tadbirkorlar bilan davra suhbati o‘tkazilib, mahalliy sanoatni rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va ishlab chiqarishdagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.