- Bosh sahifa
- Kompaniyalar guruhi
- Zavodi yangiliklari
11.11.2025
ADM Jizzakh — O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlar sertifikatini olishga muvaffaq bo‘lgan birinchi avtomobil ishlab chiqaruvchisi
ADM Global tarkibiga kiruvchi ADM Jizzakh zavodi O'zbekiston avtomobil ishlab chiqaruvchilari orasida birinchi bo'lib "O'zbekekspertiza" AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar uchun mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlar uchun rasmiy sertifikatlarni qo'lga kiritdi.
Sertifikatlar Vazirlar Mahkamasining "Mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarni aniqlash tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida" 2024-yil 28-oktabrdagi 712-son qaroriga muvofiq berilgan bo'lib, mahalliylashtirishning yuqori darajasi, texnologik jihatdan yetukligi va ishlab chiqarishning milliy talablarga muvofiqligini tasdiqlaydi. Bu degani ADM Jizzakh yengil avtomobillarini yig'ishda O'zbekiston butlovchi qismlarining katta hissasidan foydalanmoqda va ishlab chiqarish jarayonlari belgilangan standartlarga javob beradi.
"Mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlar uchun sertifikatlar olish zavodimiz ishining sifati va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini tasdiqlaydi. Bu ADM Jizzakh'ning zamonaviy va raqobatbardosh korxona sifatida rivojlanishida muhim bosqichdir", - deya ta'kidladi ADM Jizzakh bosh direktorining operatsiyalar bo'yicha o'rinbosari Najmidin Shamshidinov.
Sertifikatlash jarayoni "O'zbekekspertiza" AJning shaffoflik, elektron ariza berish va mahalliylashtirish darajasini haqqoniy baholashni ta'minlaydigan yangi tizimi doirasida o'tkazildi. Bu jarayonni biznes uchun qulay qiladi va mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishga yordam beradi.
Olingan sertifikatlar tufayli ADM Jizzakh milliy avtosanoat yetakchilaridan biri maqomini mustahkamladi va O'zbekiston sanoat salohiyatini rivojlantirishga qo'shgan hissasini tasdiqladi.
ADM Global - Kia, Chery, Haval va Hyundai Truck & Bus avtomobil brendlarining O'zbekistondagi rasmiy distribyutori. Ishlab chiqarish, mahalliylashtirish va sotuvdan keyingi servisni rivojlantirish orqali kompaniyalar guruhi mamlakatning zamonaviy va raqobatbardosh avtomobil sanoatini shakllantirishga salmoqli hissa qo'shmoqda.