05.03.2025

2025-yil fevral oyida Kia, Chery va Haval sotuvlari: tahlil va statistika

2025-yil fevral oyida Kia, Chery va Haval sotuvlari: tahlil va statistika

KIA

Kia’ning 2025-yil fevral oyida sotilgan avtomobillari soni 1 676 donani tashkil etdi.

Sotuv bo‘yicha yetakchilar: qaysi modellar eng yuqori o‘rinlarni egalladi?

Umumiy sotuvning 74,1 foizi Kia Sonet modeliga to‘g‘ri kelib, ushbu krossover 1 242 dona sotildi. Keyingi o‘rinlarda Sorento va Sportage krossoverlari sotuvi mos ravishda 101 va 90 dona natijalariga ega bo‘ldi. To‘rtinchi o‘ringa K5 biznes-klass sedani (76 dona) erishdi. Kuchli beshlikni Bongo tijorat avtomobili 43 dona sotuv natija bilan yakunladi.

Kia avtomobillari qaysi hududlarda eng ko‘p talabga ega bo‘ldi?

Sotilgan avtomobillar soni bo‘yicha Toshkent shahri yetakchilikni qo‘lga kiritib, sotuvlarning 34,7 foizi uning hissasiga to‘g‘ri keldi. Keyingi o‘rinlarni Samarqand (9,4 foiz), Toshkent (7,9 foiz), Qashqadaryo (6,9 foiz) va Buxoro (5,7 foiz) viloyatlari egalladi.

Kia avtomobillarini kimlar tanlaydi: jinsi va yoshi?

2025-yil fevral oyida jismoniy shaxslar o‘rtasidagi gender taqsimoti shuni ko‘rsatdiki, Kia avtomobillarini xarid qiluvchilarning 64,8 foizini erkaklar, 35,2 foizini esa ayollar tashkil etdi.

Eng ko‘p avtomobillarni 40-49 yoshdagilar xarid qilgan bo‘lib, umumiy sotuv hajmining 29,2 foizini tashkil qildi. Keyingi o‘rinlarda: 30-39 yoshdagilar – 25,6 foiz, 50-59 yoshdagilar – 23,5 foiz, 60-69 yoshdagilar – 11,8 foiz, 18-29 yoshdagilar – 9 foiz, 70 va undan katta yoshdagilar – 0,9 foiz.

Xulosa o‘rnida shuni qayd etish joizki, Kia brendi O‘zbekiston avtomobil bozorida o‘z mavqeini mustahkamlashda, Sonet krossoveri esa keng ommalashishda davom etmoqda. 2025-yil fevral oyida asosiy sotuvlar poytaxtga to‘g‘ri keldi. Kia brendi ostidagi avtomobillarning xaridorlari orasida 30 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan erkaklar qayd etildi. Ushbu tendensiyalar mamlakatning turli hududlarida ushbu rusumdagi avtomobillarga bo‘lgan barqaror qiziqishni aks ettiradi.

CHERY

2025-yilning fevral oyida O‘zbekistonda Chery brendining 522 dona avtomobillari sotildi. Ushbu natija mamlakatimiz avtomobil bozorida brendga bo‘lgan talabning barqarorligi va mavqeining mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

Sotuv bo‘yicha yetakchi: Tiggo 7 Pro

Tiggo 7 Pro modeli xaridorlar orasida eng ko‘p sotib olinadigan krossover bo‘lib qolmoqda. Joriy yilning fevral oyida ushbu modeldagi 244 dona avtomobillar o‘z egalarini topishi, Chery’ning barcha sotuv hajmining 46,7 foizini tashkil etdi. Dizayn, zamonaviy texnologiyalar va yuqori darajadagi qulaylik ushbu avtomobilni ko‘plab haydovchilar uchun eng maqbul tanlovga aylantiradi.

Arrizo 6 Pro: uslub va texnologiyalar uyg‘unligi

Ommaboplik bo‘yicha ikkinchi o‘rinni 150 nafar kishi tanlagan Arrizo 6 Pro sedani egalladi. Keng salon, zamonaviy multimedia imkoniyatlari va harakatlanishning ravonligi ushbu modelni qulaylik va ishonchlilikni qadrlaydiganlar uchun maftunkor qiladi.

Ixchamlik va chaqqonlik: Tiggo 2 Pro

Fevral oyida 78 nafar kishi Tiggo 2 Pro avtomobilini tanladi. Ushbu ixcham krossover boshqaruv qulayligi, dinamikasi va tejamkorlikni o‘zida mujassam etgani bilan shahar aholisi orasida talabga ega.

Keng va shinam: Tiggo 8 Pro va Tiggo 8 Pro Max

Tiggo 8 Pro flagman modeli, shu jumladan Tiggo 8 Pro Max komplektatsiyasini 50 nafar xaridor sotib oldi. Ushbu krossover yuqori darajadagi qulaylik, keng salon va haydovchiga zamonaviy yordam tizimlarini ta’minlashi sababli uni oilaviy safarlar va uzoq muddatli sayohatlar uchun eng maqbul tanlovga aylantiradi.

Sotuv geografiyasi

Eng ko‘p avtomobillar Toshkent shahrida sotilgan – 34,9 foiz. Shuningdek, Samarqand (11,1 foiz), Qashqadaryo (9,0 foiz), Buxoro (8,4%) va Navoiy (7,7 foiz) viloyatlarida ham brendga bo‘lgan qiziqish yuqori. Hududlarda sotuv hajmining o‘sishi Chery’ning O‘zbekiston bozoridagi ishtiroki kengayayotganidan dalolat beradi.

Xaridor portreti

Chery xaridorlarining asosiy qismini erkaklar tashkil etadi – 71,6 foiz. Ayollar orasida ham brendga bo‘lgan qiziqish doimiy darajada ekanligini ko‘rsatmoqda. Yosh toifasida 30 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan mijozlar eng katta ulushni egallashi, Chery avtomobillarining qiymati, innovatsion yechimlari va ishonchliligining uyg‘unligi bilan izohlanadi.

2025-yil fevral oyi O‘zbekistonda Chery avtomobillariga bo‘lgan talab barqaror darajada ekanligini tasdiqladi. Sotuv yetakchilari sifatida Tiggo 7 Pro va Arrizo 6 Pro modellari bo‘lib qolmoqda. Brend nafaqat poytaxtda, balki hududlarda ham o‘z mavqeini mustahkamlamoqda, modellar qatorining xilma-xilligi esa turli toifadagi xaridorlarning talablarini qondirish imkonini beradi.

HAVAL

2025-yil fevral oyida HAVAL brendi ostidagi avtomobillar sotuvi 391 donani tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkichlar brendning mamlakat avtomobil ishqibozlari orasida tobora ommalashib borayotganini tasdiqlaydi.

Modellar orasida sotuv bo‘yicha yetakchilar

Xaridorlar orasida sotuv hajmi 182 donaga yetgan M6 modeli eng katta qiziqishni keltirib chiqardi va shuning hisobiga mazkur model brendning umumiy sotuv hajmining 46,5 foizini tashkil etdi. Ikkinchi o‘rinni 147 dona sotilgan (37,6 foiz) JOLION avtomobili egalladi. Keyingi o’rinlarda:

  • H6 – 32 dona krossoverlar;
  • DARGO – 22 dona krossoverlar;
  • WINGLE 7 – 8 dona pikaplar.

Sotuv geografiyasi

HAVAL hududlarda o‘z mavqeini mustahkamlashda davom etmoqda. Sotilgan avtomobillar soni bo‘yicha Toshkent shahri yetakchilik qilib, sotuvlarning 24,0 foizi qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda:

  • Samarqand viloyati – 14,1 foiz;
  • Buxoro viloyati – 13,8 foiz;
  • Navoiy viloyati – 10,2 foiz;
  • Qashqadaryo viloyati – 9,2 foiz.

Gender taqsimoti

Xaridorlarning asosiy qismi erkaklar (73,2 foiz) tashkil etib, ayollar ulushi ham sezilarli darajada (26,8%) saqlanib qolishi, go‘zal jins vakillari orasida HAVAL avtomobillariga qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.

Yosh bo‘yicha guruhlari

HAVAL turli yosh toifalari orasida talabga ega, ammo eng faol xaridorlar 30-39 yoshdagilar (28,6 foiz) va 40-49 yoshdagilar (27,5 foiz) hisoblanadi. Qolgan yosh bo‘yicha guruhlar quyidagicha taqsimlandi:

  • 50-59 yoshdagilar – 21,6 foiz;
  • 60-69 yoshdagilar – 13,7 foiz;
  • 18-29 yoshdagilar – 8,1 foiz;
  • 70 yosh va undan kattalar – 0,5 foiz.

M6 va JOLION krossoverlariga bo‘lgan yuqori talab, sotuvning keng geografiyasi va xaridorlarning yoshi bo‘yicha turli toifalari HAVAL avtomobillarining ishonchliligi va sifatiga bo‘lgan ishonchni tasdiqlaydi.

Yangilik bilan bo'lishish

Orqaga qaytish