- Bosh sahifa
- Yangiliklar
14.01.2026
ADM Jizzakh’da Vatan himoyachilari kuni nishonlandi
ADM Jizzakh korxonasida kasaba uyushmasi tashkiloti bilan hamkorlikda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuniga bag'ishlangan tantanali ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir harbiy xizmatchilarga Vatanimiz ravnaqi, tinchlik va barqarorlikni ta'minlash yo'lidagi fidokorona mehnatlari uchun chuqur minnatdorlik bildirish, shuningdek, yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg'ularini yanada mustahkamlash maqsadida o'tkazildi.
Uchrashuvda Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida joylashgan "Olmachi" harbiy qism harbiy xizmatchilari ishtirok etdi. Ular xizmat faoliyati, armiyadagi kundalik hayoti, harbiy intizom va jismoniy tayyorgarligi haqida so'zlab, shaxsiy tajriba va hayotiy misollar bilan bo'lishdi.
Tantanali tadbirda korxona va kasaba uyushmasi vakillari harbiy xizmatchilarga xizmat burchini sidqidildan ado etib, tinchlik va barqarorlikni saqlashga qo'shayotgan hissalari uchun tashakkur izhor etib, ularning jamiyat va davlat oldidagi xizmatlarining ahamiyatiga alohida to'xtaldi.
O'tkazilgan tadbir ADM Jizzakh mehnat jamoasida vatanparvarlik ruhini yuksaltirishga, korxona va harbiy qism o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi hamda barcha ishtirokchilarda ijobiy taassurot qoldirdi.